Главная » 2016 » Август » 18

O‘zbekiston va Shveysariya suv xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi


  • Pro_eXclusive
  • 18 Авг 2016(11:51)
  • 81
  • 0
O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida joriy yilning 16-avgust kuni “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ni amalga oshirish bo‘yicha Hukumatlararo kelishuv imzolandi. Bu haqda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi. Shveysariya Konfederatsiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan va O‘zbekiston Hukumati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaning umumiy qiymati 2,7 million AQSh dollarini tashkil qilib, u Respublika Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2016—2018-yillar davomida amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi talab va taklifga asoslangan suv resurslarini integratsiyalashgan (barcha turdagi suvdan foydalanuvchilar ishtirokidagi) holda boshqarishni ilgari surish hamda suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlarning oldini olishdir. Loyiha quyidagi to‘rt yo‘nalishda ish olib boradi: 1. Suv resurlarini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish. 2. Suv xo‘jaligi tashkilotlari institutsional salohiyatini oshirish. 3. Zamonaviy axborot va kommunikatsion vositalar yordamida suv bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratishga ko‘maklashish. 4. Farg‘ona janubida (Shohimardonsoy hududi) suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlarning oldini olish. Loyiha bo‘yicha Hukumatlararo kelishuvni ikki davlat nomidan Respublika Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev va Shveysariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi o‘rinbosari Terri Umber imzoladi.

Теги:

Всего комментариев: 0
avatar