Главная » 2016 » Август » 17

O‘zbekistonda yo‘lning qatnov qismida telefondan foydalangan piyodalarga jarima solinadi


  • Pro_eXclusive
  • 17 Авг 2016(19:10)
  • 234
  • 0
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari guruhi tomonidan Yo‘l harakati qoidalarining qator talablarini buzganlik uchun jarimalar joriy etishni ko‘zda tutuvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda, “Norma.uz”ga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.Bunda gap mototransportni motoshlemsiz boshqarish, nur qaytaruvchi nimcha bilan jihozlanmagan avtotransport vositasini boshqarish, shuningdek, piyodalar tomonidan yo‘lning qatnov qismida, xususan, piyodalar o‘tish joylarida telefonlar va boshqa elektron vositalardan foydalanish, video- va audiomahsulotlarni tomosha qilish va tinglash, kitob va davriy nashrlarni o‘qish kabi qoidabuzarliklar haqida bormoqda. Xabarda taklif etilayotgan jarimalar miqdoriga aniqlik kiritilmagan. Tuzatishlar Senat tomonidan avgust oxirida bo‘ladigan oltinchi sessiyada ko‘rib chiqiladi. “Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yo‘l-transport hodisalarning 54 foizdan ortig‘ini piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq hodisalar tashkil etmoqda. Buning asosiy sabablari — piyodalarning yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlariga rioya etmasligi, qoidalarga xilof ravishda yo‘lning qatnov qismida bo‘lish, e’tiborsizlik qilish va ehtiyot choralarini ko‘rmaslikdir”, — dedi deputat Aliya Yunusova. “2014-yil davomida piyodalarning urib yuborilishi bilan bog‘liq hodisalarning 506 tasida sababchi sifatida piyodalarning o‘zi ko‘rsatilgan, mazkur YTHlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 431 kishi tan jarohati olgan. 2015-yilda ham xuddi shunday manzara takrorlangan”, — dedi u. “Yosh avlod vakillarining yo‘lda bo‘lgani holda, ayniqsa, qatnov qismida turib telefonlar, audio-video, kompyuter texnikalaridan foydalanishi yo‘l harakati xavfsizligiga, inson hayoti va salomatligiga xavf tug‘diruvchi odatiy holga aylanib bormoqda… Bu kabi me’yorlarning joriy etilishi yo‘l harakati ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish, yo‘llardagi qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi va YTHlarning soni va salbiy oqibatlari ko‘lamini qisqartirishga ko‘mak beradi”, — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Теги:

Всего комментариев: 0
avatar