Главная » 2015 » Июль » 25

Bolalarni yopiq mashinada yolg‘iz qoldirib ketish qanchalik xavfli?


  • News
  • 25 Июл 2015(14:52)
  • 697
  • 0
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda va butun O‘zbekistonda ota-onalar bolalarini yopiq avtomobillarda yolg‘iz qoldirib ketish holatlari ko‘paygani qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Ko‘pchilik mashinada konditsioner ishlagan bo‘lsa va u soyada qoldirilsa, 10—15 daqiqa ichida hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylaydi. Qayd etilishicha, bu xato fikr bo‘lib, ko‘pincha soya tezda ketib qoladi hamda avtomobil saloni harorati 15 daqiqa ichida 21 darajadan 40 darajaga ko‘tarilishi mumkin. Shunday holatlarda bolalarni yopiq mashina ichida qoldirib ketish ayanchli oqibatlarga olib kelishi, hattoki bu o‘lim bilan yakunlanishi ham mumkin.

Yolg‘iz qoldirilgan bola mashinani harakatga keltirishi mumkin: Saratovda olti yoshli bola mashinani yoqishi oqibatida yaqin atrofda o‘ynab yurgan boshqa bola avtomobil tagida qolib, halok bo‘lgan.

Evakuator ichida bola bo‘lgan mashinani olib ketishi mumkin: Sankt-Peterburgda evakuator noto‘g‘ri joyga qo‘yilgan avtomobilni olib ketgan, uning ichidagi bola uxlab yotgani tufayli inspektorlar uni payqamagan.

Avtomobil yonib ketishi mumkin: Ufada yopiq avtomobil ichida yolg‘iz qoldirilgan bola yondirgich topib olib, uni o‘ynay boshlagan va o‘rindiqni yoqib yuborgan. Alanga tezda butun avtomobilga tarqagan. Signalizatsiya ishlagach, otasi bolani mashinadan chiqarib olgan, biroq u shifoxonada halok bo‘lgan.

Mashina bolani bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin: Buyuk Britaniyada besh yoshli bola onasi elektr ta’minotini o‘chirishni unutgan avtomobilida o‘ynayotib, oyna ko‘targich tugmani bosib yuborgan, oyna esa uning bo‘ynini qisib qo‘ygan. Bola shifoxonaga olib borilgan, biroq uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan.

Qoldirib ketilgan avtomobil avariyaga uchrashi mumkin: Vengriyada yosh ona bolasini mashinada qoldirib, o‘zi sartaroshxonaga kirib ketgan. Yarim soatdan keyin mashinaga katta tezlikda harakatlanayotgan mikroavtobus kelib urilgan. Bolaga xavfsizlik kamari taqilgani tufayligina jiddiy jarohat olmagan.

Qoldirib ketilgan avtomobil o‘g‘irlanishi mumkin: Fransiyada noma’lum shaxslar ichida 10 oylik qizcha va 3 yoshli bola bo‘lgan mashinani o‘g‘rilab ketgan. Politsiya yo‘qolgan bolalarni bir hafta izlagan, ular yakunda Germaniyadan topilgan.

Salondagi jazirama o‘limga olib kelishi mumkin: Amerikalik erkak Rossiyadan asrab olingan farzandini avtomobilda unutib qoldirgan, 10 soat quyosh tig‘i ostidagi mashinada qolib ketgan bola halok bo‘lgan. Kopengagenda ham otasi mashinada yolg‘iz qoldirib ketgan qizcha jazirama tufayli vafot etgan.

Qayd etilishicha, ko‘pincha aynan erkaklar bolalarni mashinada unutib qoldirar ekan. Ayollar esa aksariyat hollarda bolalarni avtomobilda unutib emas, balki ataylab qoldiradi — ularga jazo berish yoki ishiga xalal bermasligi uchun, bu ham ularning harakatlarini oqlamaydi, albatta.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘zlari yoki tanishlari duch kelgan shunday holatlardan misollar ham keltirmoqda.

Jumladan, bir kishi bolalarini bozor oldida to‘xtatgan mashinasida qoldirib ketgani, qaytib chiqishi bilan avtomobilni yuk mashinasi urib ketgani, yaxshiyamki bu paytda bolalar mashinadan chiqib, otasini bozor darvozasi yonida kutib turgani ma’lum qilingan. Yana bir foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra esa, tanishlaridan birining farzandi qoldirib ketilgan avtomobil ichida halok bo‘lgan.

Shuningdek, bir kishi yetti oylik bolani besh yoshli qizcha bilan mashinada qoldirib ketgani, emizikli bola issiqda qattiq bezovtalangani, o‘tib ketayotganlardan biri ularni tashqariga chiqarib tinchlantirgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, issiqda qoldirib ketilgan avtomobil ichidagi bolani chiqarib olish uchun militsiya xodimlari mashina oynasini sindirib, tez yordam chaqirgani, keyinroq uning onasi do‘kondan chiqib kelganiga guvoh bo‘lingani aytilgan.

Yana bir foydalanuvchi taqiqlangan joyda qoldirib ketilgan mashinada uch va bir yoshli bolalarning ustidan qulflab qo‘yilganini ko‘rib, ularni issiq avtomobil ichidan chiqarish uchun oynani sindirganini ma’lum qilgan.

Shunday holatlarning oldini olish uchun o‘tkinchilar ham yopiq mashinalar ichida bolalar yolg‘iz qoldirilganini ko‘rsa, avtomobil egasini chaqirishi, signalizatsiyani yoqishi, u yon-atrofda bo‘lmasa, oynani sindirib bolalarni qutqarishi lozim. Ota-onalar esa bolalarni ataylab avtomobil ichida yolg‘iz tashlab ketmasligi, unutib qoldrimaslik uchun esa bolalar borligini eslatib turuvchi vositalardan foydalanishi zarur.

Manba: Daryo.uz
loading...
Всего комментариев: 0
avatar