Главная » 2018 » Январь » 10

Erkak kishi nega rafiqasiga qo'l ko'taradi?


  • Mirkarimoff
  • 10 Янв 2018(22:27)
  • 411
  • 0

Oilada erkak bilan ayolning birgalikda kun kechirishi davomida gohida turli tushunmovchiliklar ham kelib chiqadi. Tushunmovchiliklar er va xotinning bevosita yoki bilvosita ishtirokida paydo bo`lishi mumkin. Masalan, oiladan tashqarida bo`lgan qarindoshlarning, ota-onalarning to`g`ri-noto`g`ri ko`rsatmalari tufayli janjal chiqishi yoki er-xotin o`zlarini ma`lum bir vaziyatda, ma`lum bir muammoga duch kelganda to`g`ri yo`l tutolmagani ortidan ham janjallar kelib chiqishi mumkin.

Umumiy holatda oila davri ikkiga ajratiladi: farzandsiz bo`lgandagi davr va farzandli bo`lgandan keyingi davr. Farzandlar tug`ilguncha bo`lgan davrda asosiy janjallar o`zaro munosabatlar orqali kelib chiqadi, keyin esa farzand tug`ilgach, asosan ular tufayli kelib chiqadi. Sababi, farzand tarbiyasiga turlicha qarashlar bo`lishi tabiiy, chunki er ham, xotin ham boshqa-boshqa oilada tarbiya topgan. Er o`zining oilasida ko`rgan tarbiyasini bolasiga singdirmoqchi bo`ladi, ayol esa o`zining. Mana shu katta-kichik janjallarda erkaklarning ayollariga qo`l ko`tarish holatlari, afsuski, uchrab turadi.

 

Er xotinini urishiga kim aybdor?

Ko`pchilik ayollar bilan suhbatlashganimizda, “er urdimi, er aybdor!”, degan gapni aytishadi. Qo`l ko`tarilganda faqatgina erni aybdor deb bilish masalaga bir yoqlama qarash bo`lib qoladi.

Er nima uchun uradi?

- ayol erini etarli darajada hurmat qilmasa;

- ayol eriga ovozini ko`tarib gapirsa, haqoratlasa, qarg`asa;

Ayol bu holatlarda qator bahonalar bilan o`zini oqlaydi: vaqtida bozorlik qilib kelmaydi, uyga mast ahvolda keladi, maoshini bermaydi va hakozo. Ya`ni erning bor kamchiliklarini ro`kach qilib, erni behurmat qilish darajasiga borishi ham qo`l ko`tarilishiga sabab bo`luvchi holatlardandir.

Er qachon qo`l ko`taradi?

- er ayolning doimiy tergoviga uchrasa;

- ayoli tomonidan o`rinli-o`rinsiz rashk qilinaversa;

- ayolini sababli-sababsiz rashk qilaversa;

- ko`chadagi muammolari, ishdagi qiyinchiliklar natijasida uyga jahl qilib kelsa;

- mastlik natijasi.

Har narsaning ildizi bo`lganidek, har qanday vaziyat ortida ma`lum bir sabab bor. Muammoni bartaraf etishning birdan-bir yo`li uning tub sababini topishdir.

Erkakning xotinini urishiga qanday sabablar bo`lishi mumkin?

- Uyida ko`rgan. Ya`ni er bolaligida nosog`lom muhitda katta bo`lgan, otasi onasini mushtlaganini, zo`ravonlik qilganini ko`rgan. “Qush uyida ko`rganini qiladi”, degan gap bor-ku.

- O`ziga ishonchsizlik. Ba`zi erkaklar shu darajada o`zigi ishonchi past bo`ladiki, ayolini urish bilan o`ziga bo`lgan ishonchini oshiradi, kuchiga kuch qo`shadi. Bunday shakldagi harakat, o`sha erkakning nihoyatda irodasizligini bildiradi. Ular har qanday qiyinchilik oldida oson sinadigan, oson engiladigan, o`ziga javob berolmaydigan bo`lishadi. Ular tashqarida o`zini ko`rsata olmaganidan, ayolini urish bilan go`yo o`zini kuchli his qiladi.

- Bog`lanib qolganlik. Ba`zi erkaklar spirtli ichimliklarga bog`lanib qoladi. Ushbu zararli odati oqibatida qo`l ko`targanini bilmay qoladi.

 

Uradigan erkaklarning toifalari:

- Chaqmoq. Arzimagan narsaga ham qo`l ko`tarmasa turolmaydi. Ularning tez jahli chiqadi, birdaniga yonib o`chadi. Ularni momaqaldiroq desa ham bo`ladi — birdan gumburlaydi-yu, lekin darrov tinadi.

- Bolta. Ularga qo`l ko`tarishga sabab kerak emas, aksincha, janjalga sababni o`zi qidirib topadi va tashlanadi.

Shunday toifa erkaklar ham borki, jahli chiqqanida ovozini balandlatishi, arazlab olishi, gaplashmasligi mumkin, lekin aslo qo`l ko`tarmaydi. Ayrimlar esa nima uchundir qo`l ko`taradi. Unutmang, erkakning qo`l ko`tarishi VOQEA emas, u NATIJA!

 

Endi nima qilish kerak?

Samimiy suhbatlar. Er-xotin bir yoki ikki marta oshiqsa his-tuyg`ularsiz, ko`z yoshlarsiz, baqir-chaqiriqlarsiz, ayblovlarsiz, diydiyolarsiz samimiy suhbatlashishi kerak. Ko`pchilik ayollar suhbatni erlarini ayblash bilan boshlab, ayblash bilan tugatishadi. Masalan, “mana, sizga turmushga chiqdim, bola tug`ib berdim, ertalabdan kechgacha kiringizni yuvaman, ovqatingizni pishiraman, siz esa menga qo`l ko`tardingiz”, deydi. Ayollar buni o`rniga: “men sizni deb shu xonadonga keldim, sizni soyangizman, hurmat qilaman, baxtli bo`lishni, baxtli qilishni xohlayman, o`rtamizda qo`rquv emas, ishonch, muhabbat bo`lishini istayman. Men bularni qo`rqqanimdan emas, yaxshi ko`rganimdan qilishni istardim. Xatolarimni tan olaman, ularni takrorlamaslikka so`z beraman va siz ham boshqa qo`l ko`tarmasligingizni so`rayman”, degan gaplarni aytsa, qanday bo`larkin? Shu yo`l ma`qul emasmi?

Tursunoy Sodiqavaning shunday so`zlari bor: “Yomg`irdek erga singib ketib, osmon qadar buyuk ishlarimizni bitiraylik”. Ya`ni yomg`ir tuproqqa singib, baquvvat chinorlarni ko`kka bo`y cho`zgudek o`stiradi. Ayollar ham hokisor bo`lib, azim chinorlarimizni o`stiraylik.

Ayollar ovozini ko`tarishi, jazavaga tushishi, chegaradan chiqishi ayollik sha`niga ham, tashqi ko`rinishiga ham to`g`ri kelmaydi. Chunki erkak kishi ayolni ko`zi bilan sevadi. Baqirayotgan, ko`zlari ola-kula bo`lib, ovoziyu tashqi ko`rinishi do`rillagan ayol qachon chiroyli bo`lgan? Baqirayotgan ayol qachon qaysi erkakni o`ziga qaratgan? Jaloliddin Rumiy “Ovozingni ko`tarma, yaproqlarni yomg`irlar o`stiradi, gumburlagan momoqaldiroqlar emas”, deganida haq emasmi?

Uyingizni jannat bog`laridan-da chiroyli bog` qilib qo`ying-ki, er ko`chadan faqat shu erga talpinib kelsin. Uydagi muhitning yaratuvchisi bu — ayol, bekorga ayolni uyning farishtasi deyishmaydi.

Ayollarimiz mana shu fikrlarni quloqlariga zirak qilib taqib olsa, oila farovonligi albatta mustahkam bo`ladi, degan umiddamiz.

Aziza Toshxo`jaeva, Psixolog

Всего комментариев: 0
avatar