Главная » 2015 » Ноябрь » 15

Facebook Parij va Bayrutdagi teraktlarga ikki xil munosabatda bo‘lgani uchun tanqid qilindi


  • Admin
  • 15 Ноя 2015(18:41)
  • 454
  • 0
Parijdagi teraktdan so‘ng internetda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri Facebook’ning “xavfsizlikni tekshirish” funksiyasi bo‘ldi — ijtimoiy tarmoq o‘zining fransiyalik foydalanuvchilariga mazkur xizmatdan foydalanish imkonini taqdim etdi, biroq bir kun avval Bayrutda yuz bergan teraktni Facebook e’tiborsiz qoldirgandi.

13-noyabr, juma kuni oqshomda Parijda uch soat davomida terrorchilik harakatlari ketma-ketligi yuz berdi, oqibatda 130 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Facebook kompaniyasi mazkur hodisaga e’tibor qaratib, xavf hududida bo‘lgan odam o‘z yaqinlariga ahvoli yaxshi ekanligi haqida xabar berish imkonini taqdim etuvchi maxsus xizmatini ishga tushirdi.

“Xavfsizlikni tekshirish” (Safety Check) funksiyasi 2014-yilda joriy etilgan. Xizmat 2011-yili Yaponiyada yuz bergan vayronkor zilzila va sunami sabab tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoq jamoasi odamlar tabiiy ofatlar vaqtida ijtimoiy tarmoqdan faol foydalanayotganiga e’tibor qaratib, tezkor xabar berish uchun qulay vosita ishlab chiqqan.

Parijgacha bu funksiyadan besh marta — Afg‘oniston, Chili va Nepaldagi zilzilalardan so‘ng, Tinch okeani janubidagi “Pem” tropik sikloni vaqtida va Filippindagi “Rubi” to‘fonidan keyin foydalanilgan edi.

Parijdagi teraktlar Facebook ijtimoiy tarmog‘i Safety Check’dan tabiiy ofat hisoblanmagan hodisa uchun foydalanishi bo‘yicha birinchi tajriba bo‘ldi. Bu qaror ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning quvonch bilan tashakkur bildirishi bilan birga, kompaniyaning “ikki xil standartda” ishlashidan qoniqmagan foydalanuvchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, Parijdagi voqealardan bir kun avval Livan poytaxti Bayrutda ham ketma-ket ikki portlash yuz bergan, oqibatda 40 dan ortiq odam halok bo‘lib, 200 ga yaqin kishi yaralangan edi. Shunga qaramay, fojia ko‘lami Facebook’ni Safety Check orqali o‘z foydalanuvchilariga yordam berishga unday olmagandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildiruvchilar bu holatga, shuningdek, Facebook o‘z foydalanuvchilariga, agar ular istasa, avatarlariga Fransiya bayrog‘ini ilova qilish imkoniyatini taqdim etgani, ayni vaqtda, Livan bayrog‘i bilan bunday xizmat taklif etilmaganiga ham e’tiborni qaratgan.

Ba’zi fikr bildiruvchilar esa ro‘yxatni davom ettirib, Facebook nima uchun Bag‘dod, Damashq yoki G‘azo sektori uchun Safety Check’dan foydalanish imkoniyatini taqdim etmayapti, deb savol qo‘ydi. Boshqalar esa AQSh prezidenti Barak Obama Fransiyaga hamdardlik bildirib, Livanni e’tiborsiz qoldirganini tanqid ostiga olgan.

Javob bayonotida Facebook vakillari Safety Check nisbatan yangi funksiya ekanini, undan bungacha faqat tabiiy ofatlar vaqtida foydalanilganini eslatib o‘tdi. Ayni vaqtda, ijtimoiy tarmoq mazkur funksiya yanada rivojlantirilishi va bundan keyin zarurat tug‘ilishi bilan ishga tushirilishini ma’lum qildi.

“Bu kabi hodisalar ortiq takrorlanmaydi, deb umid qilamiz. Biroq, yana shunday holat yuz beradigan bo‘lsa, ushbu yangi vositaning Parijdagi odamlar uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lganidan kelib chiqib, uni ishga tushirishga tayyormiz, albatta”, — deyiladi Facebook bayonotida.
Всего комментариев: 0
avatar