Главная » 2015 » Декабрь » 3

Internet sifati bo'yicha dunyo reytingida O'zbekistonga o'rin ajratilmadi


  • News
  • 03 Дек 2015(19:36)
  • 803
  • 1
BMT qoshidagi Xalqaro elektroaloqa kengashi (ITU) internet sifati bo'yicha dunyo reytingini e'lon qildi.

Tahlillar natijasi shuni ko'rsatmoqdaki, 2010-2015 yillarda AKT taraqqiyot indeksi (IDI)ga qo'shilgan barcha 167 davlatning IDI bo'yicha ko'rsatkichlari yaxshilandi. Shuningdek, mobil aloqa abonentlari soni ham jadallik bilan ortib bormoqda. Ular soni 7,1 milliarddan oshib, uyali aloqa Yer yuzi aholisining 95 foizdan ziyodrog'ini qamrab oldi.

Keng polosali tarmoq va mobil aloqa Janubiy Koreyada eng taraqqiy etgan. Undan keyingi o'rinlarni Daniya, Islandiya, Britaniya va Shvetsiya egallagan. Yaponiya 11- banddan joy olgan bo'lib, Germaniya va AQSh — mos ravishda 14 va 15- o'rinlarda qayd etilgan.

Katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo'lishiga qaramasdan, Xitoy tashkilot reytingining 82- pog'onasidangina joy olgan. Hindiston esa besh yil avvalgiga qaraganda 5 pog'ona pastlab, 131- o'rinni band etdi.

ITU hisobotida dunyodagi 350 million kishi na internet, na mobil aloqa bilan ta'minlanmay qolayotgani haqida so'zlaydi. Ular, qoidaga binoan, dunyoning Malavi, Madagaskar, Efiopiya, Eritreya va Chad kabi qashshoq mamlakatlarda yashaydi.

IDI reytingida MDH davlatlaridan Belorus eng yaxshi natijani qayd etib, dunyo reytingida 36 o'rinni band etdi. Keyingi o'rinlarni Rossiya (45), Qozog'iston (58), Qirg'iziston (97) va boshqalar egallagan. Mazkur ro'yxatda O'zbekiston haqida ma'lumot taqdim etilmagan, faqatgina hisobotda qayd qilingan keng polosali aloqa xizmatlari savati reytingida mamlakatimizning 2014 yildagi ko'rsatkichi 102- o'rin deya belgilangan.

Ma'lumot uchun, butun dunyoda keng polosali aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 2010 yildagi 0,8 milliarddan 2015 yilda 3,5 milliardga qadar oshdi. Rivojlanmagan mamlakatlarda faqatgina 6,7 foiz xonadonga internet kirib borgan bo'lsa, butun dunyodagi o'rtacha ko'rsatkich 46 foizni, rivojlangan mamlakatlarda esa 80 foizdan ziyodroqni tashkil etmoqda. Bu haqda BMT qoshidagi Xalqaro elektroaloqa kengashi (ITU) hisobotida so'z boradi.
Всего комментариев: 1
avatar
1 ruslaaan • 07:01, 05 Дек 2015
Qanaq qib orin bolsin...
avatar