Главная » 2016 » Март » 8

Mariya Sharapovaning doping mojarosi tufayli Nike u bilan hamkorlikni to‘xtatdi


  • voydodaxek
  • 08 Мар 2016(15:54)
  • 459
  • 0

Sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi AQShning Nike kompaniyasi rossiyalik tennischi Mariya Sharapovaning doping mojarosi tufayli u bilan hamkorlikni to‘xtatdi, debxabar beradi “TASS”.

Kecha, 7-mart kuni  rossiyalik tennischi, dunyoning eng boy ayol sportchisi Mariya Sharapova Los-Anjelesdagi maxsus matbuot anjumani chog‘ida 2016-yilgi Avstraliya ochiq chempionatida undan olingan namunalarda man etilgan preparat — meldoniy topilganini tan oldi.

“Sharapova borasidagi xabarlar bizni hayratga soldi va ranjitdi. Kompaniya uning doping mojarosi bo‘yicha ishlar davom etguniga qadar u bilan o‘zaro hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz”, — deyiladi Nike kompaniyasining press-relizida.

Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) Sharapovaning 2016-yil, 26-yanvarda topshirgan doping-testi ijobiy chiqqanini ma’lum qilgandi. 2-mart kuni esa unga taqiqlangan preparat qabul qilinganlikda ayblov qo‘yilgan. Uning ishi borasida qaror e’lon qilinguniga qadar rossiyalik tennischi barcha WTA turnirlaridan diskvalifikatsiya qilindi. Ushbu diskvalifikatsiya 2016-yilning 12-martidan kuchga kiradi.

Butunjahon antidoping agentligi (WADA) Sharapovaning ishi bo‘yicha ITF o‘z qarorini e’lon qilmagunicha, uning ishi haqida hech qanday izoh bermaydi.

Nike’dan tashqari Sharapova Cole Haan (oyoq kiyim va aksessuarlar), TAG Heuer (soatlar), Head (tennis anjomlari), Samsung (mobil telefonlar), Evian (ichimlik suvi) va Porsche (avtomobillar) kompaniyalari bilan shaxsiy hamkorlik shartnomalariga ega.

Ma’lumot uchun, meldoniy (mildronat) preparati S4 (gormonlar va metobolizm modulyatorlari) sinfiga kiradi va WADA’ning taqiqlangan preparatlar ro‘yxatidan joy olgan. Mazkur preparat sportda organizmning jismoniy holatini yaxshilash va ruhiy zo‘riqishning oldini olish uchun iste’mol qilinadi. Joriy yilning 1-yanvaridan meldoniy preparatini qabul qilish antidoping qoidalarining buzilishiga olib keladi.

loading...
Всего комментариев: 0
avatar