Главная » 2016 » Август » 23

Mustaqillik bayrami arafasida xavfsizlik choralari kuchaytirildi


  • Pro_eXclusive
  • 23 Авг 2016(11:28)
  • 738
  • 0
O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi tantanalari arafasida jamoatchilik tartibi, yo‘l harakati xavfsizligi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar kuchaytirildi. Bu haqda O‘zAga bergan intervyusida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Tursunpo‘lat Toshpo‘latov ma’lum qildi. “Tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida vazirlikning huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yong‘in, yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmalari, xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, “Qo‘riqlash” birlashmasi va boshqa xizmatlarning xodimlari tomonidan tegishli tashkiliy profilaktik ishlar bajarilmoqda”, — dedi u. “Mamlakatimizning har bir go‘shasi, ayniqsa, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylar soha xodimlarining alohida e’tiborida. Xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan maxsus reydlar o‘tkazilayotir. Bu jarayonda mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari, xususan, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari faol ishtirok etmoqda. Tadbirlar davomida aniqlanayotgan kamchiliklar, huquqbuzarliklar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir”, — deya ta’kidladi Toshpo‘latov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bayram oldidan barcha tuman, shahar, mahalla va ovullarda ichki ishlar organlari xodimlari va “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi vakillaridan iborat guruhlar tashkil etildi. Ular aholi tinchligini saqlashga oid zarur choralarni ko‘rish bilan birga jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda profilaktik ta’sir ko‘rsatishga oid vazifalarni samarali ado etmoqda. “Patrul-post va jamoat tartibini saqlash xizmati tomonidan aholi gavjum joylarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, shubhali shaxslar aniqlanganda ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish, jamoat tartibini buzish holatlari uchraganda uni darhol bartaraf etish choralari yanada kuchaytirilgan. Bayramoldi chora-tadbirlari davomida sakkiz mingga yaqin huquqbuzarlik aniqlanib, joyida bartaraf etildi. Shahar va qishloqlarimizning sanitariya holati, ko‘chalarning yoritilishi bilan bog‘liq holatlar ham soha xodimlarining e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Bu borada uchragan kamchiliklar yuzasidan obodonlashtirish va elektr tarmoqlari korxonalariga olti yuzga yaqin taqdimnoma kiritildi. Natijada kamchiliklar bartaraf etilib, aholiga qulayliklar yaratildi”, — dedi vazir o‘rinbosari. Tegishli idoralar bilan hamkorlikda bayram tadbirlari o‘tkaziladigan barcha maydonlar va ularning atrofidagi inshoot va tashkilotlar, xonadonlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, 25 mingga yaqin aholi turar joyi, mingga yaqin ko‘p qavatli uyning yong‘inga qarshi holati tekshirildi. Olib borilayotgan profilaktik ishlar natijasida yong‘in xavfsizligi talablarini buzgan 1,5 mingdan ziyod fuqaro va mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Теги:

Всего комментариев: 0
avatar