Главная » 2016 » Август » 18

O‘zbekistonlik bokschi Elnur Abduraimovning litsenziyasi bilan Rio—2016 da qatnashgan Robson Konseysau Olimpiada chempioni bo‘ldi


  • Pro_eXclusive
  • 18 Авг 2016(09:42)
  • 368
  • 0
Olimpiadaning erkaklar o‘rtasidagi boks turnirida 10 ta vazn toifasi mavjud bo‘lib, O‘zbekiston delegatsiyasi ularning har birida o‘z sportchisi bilan ishtirok etdi. 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Olimpiada turniriga o‘zbekistonlik ikki bokschi — Xurshid Tojiboyev va Elnur Abduraimov yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Ammo Olimpiadaning boks reglamentiga ko‘ra bitta vazn toifasida har mamlakatning faqat bir sportchisi ishtirok etishi kerak. Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi bunda tanlovni ishtirokchi mamlakat ixtiyorida qoldiradi. O‘zbekiston tomoni 1989-yilda tavallud topgan Xurshid Tojiboyevni tanladi. U Toshkent shahri mezbonlik qilgan AIBA Pro Boxing turnirida chempionlikni qo‘lga kiritib, Rio—2016 litsenziyasiga ega bo‘lgandi. 1994-yilda tug‘ilgan Elnur Abduraimov esa Qatarda o‘tgan Jahon Chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritib, olimpiya o‘yinlari uchun litsenziya yutib olgan. Xurshid Tojiboyev Olimpiadadagi ishtirokini chorak finalda yakunladi. Bu bosqichda braziliyalik Robson Konseysauga qarshi jang qilgan Tojiboyev har uchala raundni ham boy berdi. Braziliyalik charm qo‘lqop ustasi Olimpiadada Xurshid Tojiboyevdan keyin yana ikki nafar raqib — kubalik Lasaro Alvares va fransiyalik Sofyan Umiani mag‘lubiyatga uchratib, o‘z vatani mezbonlik qilgan Olimpiadaning oltin medaliga ega chiqdi. Qayd etish joiz, 60 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasida olimpiya chempioniga aylangan Robson Konseysau Rio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi ikki musobaqada ishtirok etib, har ikkalasida ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Birinchi safar Robson Konseysau Toshkentdagi AIBA Pro Boxing turnirida qatnashib, unda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Xurshid Tojiboyevning g‘alabasi bilan yakuniga o‘sha turnirda bu ikki sportchi o‘zaro to‘qnash kelmagan. Braziliyalik bokschining ikkinchi muvaffaqiyatsiz turnirida o‘zbekistonlik Elnur Abduraimov ishtirok etgan. Qatardagi Jahon Chempionatida Rio Olimpiadasining uchta litsenziyasi o‘ynalgandi. O‘zbekistonlik bokschi Jahon Chempionatining Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi uchinchi o‘rin uchun jangida braziliyalik Robson Konseysauga qarshi ringga chiqib, uni mag‘lub etgan edi. O‘zbekiston tomoni Xurshid Tojiboyev nomzodini ko‘rsatgani uchun, Elnur Abduraimovdan bo‘sh qolgan litsenziya Robson Konseysauga nasib qildi va braziliyalik sportchi Olimpiadaga yo‘l oldi. O‘z kuchi bilan olimpiya litsenziyalariga ega chiqa olmagan Robson Konseysau yakunda Rio—2016 oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Теги:

Всего комментариев: 0
avatar