Главная » 2015 » Декабрь » 22

Rashid Shadat — “Yulduzlar jangi” va Jeyms Bond haqidagi filmlarda rol o‘ynagan o‘zbek aktyori


  • News
  • 22 Дек 2015(17:13)
  • 617
  • 0
Ayni vaqtda Londonda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik aktyor Rashid Shadat “Yulduzlar jangi” kinosagasining yangi — “Kuchning uyg‘onishi” epizodida Jakku sayyorasi vakili rolini ijro etdi.

“Filmning boshida sayyorani bosqinchilardan himoya qilayotgan jangchilardan birining rolini o‘ynadim. Sinovlar, kastinglar 5 oy davom etdi. Rolga tasdiqlanganimdan so‘ng, film rejissori Jey Jey Abrams bilan ko‘rishdim. Maqomi juda yuqori bo‘lsa-da, “yulduzlik kasali”ga chalinmagan, oddiy inson ekan. Suhbat davomida, bizning rolimiz epizodik bo‘lsa ham, muhim ekanligini, shu sababli jang sahnasida bor mahoratimizni ishga solishni so‘radi”, — dedi Rashid Shadat.

“Jang sahnasi sayyoraga tunda bosqinchilar kemasining qo‘nishi bilan boshlanadi. “Jang”da foydalangan qurollarimiz juda qiziq edi — xuddi haqiqiyga o‘xshar, otishma ovozini chiqarib, lazerli olov purkardi. Harakatlarim rejissorga ma’qul keldi. U mendan orqa qatordan chiqib, oldingi safga turishni so‘radi va: “Rashid, bu yerga turib, boshqalarga jangda qanday harakat qilish kerakligi haqida buyruq ber”, — dedi. Aytganini qildim”, — dedi o‘zbekistonlik aktyor.

“Bolaligimdan fantastikani yaxshi ko‘raman. Kichik rol o‘ynagan bo‘lsam-da, bolalik orzuimni ro‘yobga chiqardim. Tasvirga olish jarayonidagi hamma narsa — dekoratsiyalar, personajlar va, albatta, muhit ham fantastik edi”, — dedi Londondagi Orzu Arts o‘zbek teatrida faoliyat olib borayotgan aktyor.

Rashid Shadat (Abdurashid Shodiyev) Tom Kruz ishtirokidagi “Bajarib bo‘lmas missiya”, Jeyms Bondning sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi “Spektr” filmlarida ham kichik rollarni ijro etgan. Rashid Shadat O‘zbekistonda “Ilhom” teatrida ijod qilgan, bir qator milliy filmlarda, xususan, “Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlandi” kartinasida suratga tushgan.

Ma’lumot uchun, “Yulduzlar jangi”ning yangi epizodi prokatning birinchi uik-endida 528 million dollar ishlab, yig‘imlar bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
loading...
Всего комментариев: 0
avatar