Главная » 2016 » Февраль » 25

Rayhonning 2016-yilgi konserti: plyus va minuslar


  • News
  • 25 Фев 2016(11:04)
  • 1277
  • 0
23-fevral kuni xonanda Rayhonning “Istiqlol” san’at saroyidagi 27-fevralga qadar davom etadigan konsert dasturi boshlandi. Konsertning birinchi kunida mehmon bo‘lgan jurnalist Feruz Muhammad shou-dasturning yutuq va kamchiliklari haqidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Plyuslar

“Bunyodkor” metrosidan chiqishingiz bilan “Rayhonning konsertiga ortiqcha chiptalar bo‘lsa, olib qolamiz”, deb yurgan “ochiq osmon ostidagi kassirlar”ni ko‘rib, “Rayhonning shousiga biletlar talash ekan”, degan fikrga borish mumkin. Bunday “kassirlar”ni Ozodbek Nazarbekov, Shahzoda, Botir Qodirov kabilarning konsertlari vaqtida ham ko‘rganmiz, lekin ular asosan saroy oldida bo‘lardi, Rayhon konserti uchun esa “kassa” metroga qadar cho‘zilibdi.
Rayhonning Misr malikalari ko‘rinishida yuqoridan tushib kelishini muxlislar davomli qarsaklar bilan kutib oldi. Raqqosalarning har bir raqsga puxta tayyorgarlik ko‘rganliklari va Rayhon ularga munosib boshchilik qilganini e’tirof etish joiz — biror joyda nomiga bo‘lsa-da adashish bo‘lmadi.
Rayhon “Istiqlol” san’at saroyidagi konsert dasturlariga yangilik olib kirdi — Rayhon kiyim almashtirish uchun g‘oyib bo‘lganida, so‘zni boshlovchi, qiziqchi, kulgu jamoalari yoki shunga o‘xshagan boshqa chiqishlarga bermadi, aksincha, sahnaga o‘rnatilgan katta monitorda uning qo‘shiq va videolari ketma-ket berib turildi.
Rayhon bu galgi shouda aksariyat qo‘shiqlarini jonli kuylashni rejalashtirayotgani haqida oldindan aytgan edi. Sahnada 5-6 cholg‘uchi va 2 bek-vokalga ko‘zimiz tushdi. Ko‘plab taronalar jonli kuylangani ham oydinlashdi. Ba’zi qo‘shiqlar fonogrammada, ba’zilari to‘laligicha jonli kuylandi.
Shou-dasturning nafaqat har daqiqasi, balki har soniyasi hisobga olingani tahsinga sazovor va bu oylab tinimsiz mehnat qilingani dalilidir.
“Javob ber” taronasidan keyin Rayhon yana sahnadan g‘oyib bo‘ldi. Katta ekranda esa baxtli, kulguli, zerikarli, kutilmagan yozuvlari ostida kelin va kuyovlarning har xil qiziqarli rasm va videolavhalari namoyish etila boshlandi. Shu vaqtda “Kelibdi” taronasi bilan o‘zbek to‘ylaridagi jarayonlar aks etgan video qo‘yildi. Bu videodan keyin Rayhon sahnada paydo bo‘lib, ilk bor singlisi Nasibaning to‘yida kuylagan “Kelinchak” qo‘shig‘ini ijro etdi. Undan so‘ng xonanda: “Dunyoda bolalarning qadriga yetmaydigan insonlar ham bor”, deya: “Bola — Xudoning sovg‘asi” nomli qo‘shiqni kuyladi.
“Gar sen yonimda bo‘lsang” taronasi va unga ishlangan raqs ham tahsinga loyiq. Shu qo‘shiqdan so‘ng Rayhon yana sahnadan yo‘qoldi, bu vaqtdagi raqqosalar tomoshasi va “og‘zida musiqa chaladigan yigit”ning ijrosi tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu chiqish uchun olqishlar Rayhon chiqishlaridan ham yuqori bo‘ldi.
“Doimo yoningda men bo‘lay”, “Sen orzuga ishon”, “Qayerdasan” taronalariga ham ajoyib raqslar va dekoratsiyalar ishlangan. Soniyalargacha hammasi hisobga olinganini yana bir bor ta’kidlash joiz.
“Dilimo” qo‘shig‘ining taniqli xonandalar, muxlislar aytgan videolavhasi ekranda namoyish etilgan vaqtda Rayhon sahnada yo‘q edi, “yana kiyim almashtirmoqchi”, deb o‘ylashimiz bilan, u sahnada paydo bo‘lib, qo‘shiqni o‘zi kuyladi. “Dilimo” shouning so‘nggi qo‘shig‘i bo‘ldi.
Dastur 1 soat 37 daqiqa — 21:00 gacha davom etdi. Muxlislar shouni premerasi uzoq kutilgan film namoyishidek tomosha qilishdi. Bu shou ko‘p vaqt tillardan tushmasligi aniq. Kelasi yil dasturi 5 kun emas, 10 kun davom etsa ham ajablanmaslik kerak.

Minuslar

Muxlislarning tartibsiz harakatlari sabab, “Istiqlol”ning ichiga kirish biroz mushkul bo‘ldi. Dastur 19:00 da boshlanishi kerak edi, ammo belgilanganidan 23 daqiqa kech boshlandi.
“O‘zbek” deb nomlangan qo‘shiqdan so‘ng Rayhon sahnani bo‘m-bo‘sh qoldirib, nisbatan uzoq vaqt g‘oyib bo‘ldi.
Всего комментариев: 0
avatar