Главная » 2015 » Октябрь » 4

Telegram asoschisi mazkur mobil dastur orqali teraktga tayyorgarlik ko‘rish holatiga izoh berdi


  • News
  • 04 Окт 2015(23:29)
  • 902
  • 0
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov CNN telekanaliga bergan intervyusida uning mobil dasturi orqali terrorchilik harakatini uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilgani bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

Avvalroq Angliya va Avstraliyada, Melburndagi an’anaviy faxriylar paradi vaqtida terrorchilik harakatini amalga oshirishni rejalashtirgan ikki o‘smir qo‘lga olingan edi. Ulardan biri 18 ga to‘lgan, uning britaniyalik muvofiqlashtiruvchisi esa hali 14 yoshga ham to‘lmagan. Aynan britaniyalik o‘smir o‘z o‘qituvchilarining boshini tanasidan judo qilish bilan tahdid qilib, politsiya e’tiboriga tushib qolgan.

Qo‘lga olinganidan so‘ng, o‘smir yigitlar o‘z harakatlarini Telegram mobil dasturi orqali muvofiqlashtirib turgani, bir-biriga o‘zaro 3 mingdan ortiq xabar yo‘llagani aniqlangan. Bu holat Britaniya hukumatini yozishmalar vaqtida shifrlangan aloqa kanallaridan foydalanishni taqiqlash masalasini yana bir bor ko‘tarib chiqishga majbur qildi.

Biroq, Pavel Durovning ta’kidlashicha, agar bu yoshlarda Telegram bo‘lmaganida ham, ular boshqa bir muloqot yo‘lini albatta topgan bo‘lardi. Uning qayd etishicha, politsiya zarurat tug‘ilganida jinoyatchining shaxsini aniqlash va uning aybini isbotlash yo‘lini har doim topa oladi.

Bundan tashqari, Durovning so‘zlariga ko‘ra, agar huquqni muhofaza qilish organlarida foydalanuvchilarning ma’lumotlaridan foydalanish imkoni bo‘lsa, ular bu imkoniyatni suiste’mol qilishdan o‘zlarini tiya olmaydi. “Rossiya va boshqa mamlakatlarda, agar xaridor pul yoki boshqa aloqalarga ega bo‘lsa, shaxsiy yozishmalarni shunchaki sotib olish mumkin”, — deya xulosa qildi Telegram asoschisi.

Avvalroq “Iroq va Shom islom davlati” terrorchilik tashkiloti o‘z faoliyatida Telegram messenjeridan foydalanayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Всего комментариев: 0
avatar