Главная » 2015 » Ноябрь » 11

“Toshkent-Aero” bojxonachilari 2015-yilda 12 mln so‘mlik ananaslarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi


  • News
  • 11 Ноя 2015(12:37)
  • 298
  • 0
Bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxs aynan bir xil tovarni o‘zi va oila a’zolarining ehtiyojlaridan oshib ketuvchi miqdorda olib kelayotgan bo‘lsa, demak, u tijorat maqsadlarini ko‘zlayotgan bo‘ladi. Xorijdan tovarlarni tijorat maqsadlarida olib kirish uchun esa jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, tijorat maqsadida olib kirilayotgan tovarlar uchun tegishli hujjatlarni taqdim etishlari va o‘rnatilgan tartibda bojxona to‘lovlarini to‘lashi lozim.

Yashnobodlik B.Mansurov (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) Bangkokdan qaytayotib, bojxona nazoratidan yashirincha 74 dona ananas tropik mevasini olib kirishga urinayotganida bojxonachilar tomonidan to‘xtatildi.

“Toshkent-Aero” IBK xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida shunga o‘xshash yana bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

Jumladan, Kuala-Lumpur — Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan poytaxtlik fuqarolar B.Ja’farov, R.Saidov va A.Qahramonovlar 311 dona ananaslarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma’lum qilmasdan turib, yashirin tarzda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Tahlillarga ko‘ra, yil boshidan buyon “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan bir nechta bojxona qonunbuzilishlarida qiymati salkam 12 million so‘mlik 420 dona ananaslarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Sirtdan qaraganda arzimasdek tuyuladigan mazkur holatlarning ortida aslida jiddiy muammolar yashirin. Chunki, saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmasdan, yashirin tarzda olib kirilgan tropik mevalarning tarkibida aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarish mumkin bo‘lgan zararli moddalar, bakteriya va viruslar bo‘lishi mumkin.

Shu sababli, tropik mamlakatlarda yetishtirilgan bu kabi mevalarni import qilishda eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan karantin ruxsatnomasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan gigiyenik sertifikat talab etiladi.
Загрузка...
Всего комментариев: 0
avatar